x

Sakkiz oyligida ko`zlari tikilgan gvineya-bisaulik 7 yoshli Ebi Istanbulda ko`rikdan o`tkazildi. Dunyoga mashhur rossiyalik jarroh Hasan Baiyev va turkiyalik oftalmolog Umit Beden bolaning ko`rish qobiliyatini tiklash mumkinmi yoki yo`qligini aniqlash maqsadida diagnostik operatsiya vaqtida uning ko`zlari joyini ochishdi...

Rossiyalik volonter Mila Anufriyeva: — Bu bola tug`ilganida sog`lom bo`lgan. Juda yosh onadan tug`ilgan. Bu ona bir erkakning ikkinchimi-uchinchimi xotini bo`lgan. Bolaning sog`lomligini erkakning boshqa bir farzandsiz xotini ko`rolmagan va nafratlangani uchun zaharli o`tdan tayyorlangan suyuqlikni uxlab yotganida ko`zlariga sepgan. Va oradan vaqt o`tib noma'lum vrach Ebining ko`zlarini shafqatsizlarcha tikib tashlagan.  Ko`zga tegish mumkinmi, yo`qmi, u shifokor qayerda, nega tikib tashlagan, men u haqda biron ma'lumot topolmadim.

«Mila_4_afrika» fondi volonteri Mila bu bola bilan 2020 yilda Afrikadagi ko`zi ojiz bolalar uyi  — AGRIGEda uchrashib qoladi. Milaning aytishicha, bu bolakay 10 soat davomida Istambulga uchib kelganiga qaramay, biron marta shikoyat qilmagan.

Volonterlar juda ko`p mamlakatlarning shifokorlariga murojaat qilishdi. Va nihoyat Mila o`zining instagram sahifasida bolaning tarixini yozadi. Minglab odamlar Ebiga yordam qo`lini cho`zishi mumkinligini aytishadi. Nihoyat, bolakayni Istambulda shifokorlar tekshirib ko`rishadi va Ebining chap ko`zi yorug`lik sezayotganini aytadi. Mutaxassislarda umid paydo bo`ladi.

Jarroh Hasan Baiyev: — Eng asosiysi, uning chap ko`zi yorug`likni sezayotgani, bu bizga umid bag`ishlaydi. Biz uning yuz foiz ko`rishiga kafolat berolmaymiz, ammo umid bor, ozroq yorug`likni ko`rishiga, aytaylik, 20-30 foiz ko`rishi mumkin.

Oftalmolog Umit Beden: Birinchi qadamimiz Ebining qovoqlarini, ko`zining joyini ochish. Hatto uning ko`zlari joylashuvi yo`qotilgan. Paypaslab ko`rilganda bitta ko`zi umuman yo`q, bitta ko`zi turibdi, ammo tikilgan teri ostida qolgan ko`z olmachasi qanday ahvolda bilmaymiz. Agar biz u erni ochmasak va nima borligini bilmasak, imkon yo`q.

Jarrohlik amaliyotidan oldin uning oldiga mashhur frantsiyalik futbolchi Bafetambi Gomis tashrif buyurdi: — Asli frantsiyalikman, ammo mening ajdodlarim Ebi tug`ilib o`sgan Gvineya-Bisauda yashashgan. Menga shunday imkon berilgan ekan, Ebiga qo`limdan kelgan barcha yordamimni ayamayman.

Operatsiya ikki soat davom etdi. Shifokorlar bolaning ko`z qovoqlarini ochdilar. Lekin, afsuski, juda qo`rqinchli holatning guvohi bo`ldilar.

Umit Beden:  — Bola ko`zlariga sepilgan kislotami yoki qanaqadir zaharli o`tdan bo`lgan suyuqlik ko`zning barcha to`qimalarini jarohatlagan. Bolaning ko`zlarini ochganimizda ko`z olmasini emas, suvda yotgan sharchani ko`rdik.

Hasan Baiyev: —   Afsuski, bolaning chap ko`zi ham butunlay ishdan chiqqan, shu qadar chuqur kuyib ketganki, uni qayta tiklashning umuman iloji yo`q.

Mila Anufriyeva: —  Shifokorlar umid bilan, xursand bo`lib operatsiyaga kirib ketishgandi, keyin menga ular telefon qilishdi: «Mila, imkon yo`q», men: «qanday qilib axir» deb so`radim... hattoki protez ko`z qo`yishning ham imkoni yo`q ekan, afsus.

Hasan Baiyev: — Agar Ebining ko`zlarini tikkan shifokor malakali bo`lganida edi, balki ko`zlarini qaytarishning imkoni topilardi. Avvaliga kuyganni yaxshi davolash kerak, keyin uni tiklash mumkin edi. Balki kelajakda imkoni bo`lar bolaning ko`zini tiklashning, biz rostdan ham uning ko`rishini istagandik va buning iloji yo`qligini bilganimizda juda xafa bo`ldik.

Umit Beden: — Balki qachonlardir bolaning miyasiga ko`rish kamerasini boshqaradigan chip qo`ya olarmiz, buni vaqt ko`rsatadi.

Mila Anufriyeva: —  Ebi, demak ko`rmas ekan, unga yaxshi sharoit yaratib berish kerak. Uning quloqlari yaxshi eshitadi, balki undan musiqachi chiqar... Bizning hozircha qo`limizdan keladigani shu...  

Manba: Xabar.uz

To Top ↑
To Top ↑