x

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi Afg`onistonning yarmidan ko`p aholisi, taxminan, 22,8 million kishi kelasi oylar davomida to`yib ovqatlanmaslik va ochdan halok bo`lishi, “zudlik bilan davolanmasa”, millionlab bola ham o`lim xavfi ostida qolishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bor-yo`g`i 5 foiz oilaning har kuni eyishga oziq-ovqati bor, deya xabar beradi dastur.

“Bunday ayanchli holatdan chiqish uchun millionlab dollar zarur, – deydi xalqaro tashkilot. – Naqd pullar esa Tolibonning talon-torojidan qo`rqib o`tirgan hukumat qo`lida haliyam”.

Darvoqe, “Bolalarni asrang” xalqaro tashkilotining keltirishicha, oilalar “kichik bolalarini ovqat ilinjida pullashmoqda. Kattaroqlarini ishlagani yuborishmoqda yoki birgina quruq non bilan kun kechirmoqda”.

Ko`mak to`xtagach, oziq-ovqat narxi oshib, pul qadri tushib ketgan, ishchilar maoshsiz, mahalliy tadbirkorlarning bozori kasod, oilalar esa o`zlarida bor jamiki narsani – hatto bolalarini ham – omon qolish niyatida qurbon qilishga majbur.

Chiqindi-axlatlarni yig`ib-terib ro`zg`or tebratadigan ota bugun qanday yo`l bilan bo`lmasin, pul topishga urinyapti. Oilaning bundan bo`lak chorasi yo`qligini tushuntiradi.

– Och yashayapmiz. Uyda na un, na yog` bor. Hech vaqo yo`q. Go`dak qizim kelajagi qanday bo`lishini hozir tushunmaydi. Qizimni sotganimiz haqida kun kelib nima deyishini ham bilmayman. Lekin shunga majbur bo`ldim, – deydi ota.

Bolalarning erta nikohi Afg`onistonda asrlar bo`yi hukmron. Mamlakatning bugungi tang iqtisodiy ahvoli juda ko`p oilani yuqoridagi holatga solayotgani rost. Qizlar hayotini barvaqtdan barvaqt bitimga tikishga olib bormoqda.

Onalar uchun bu holat – nihoyasiz dahshatli tush. Bolani sotishga qaror qilish, yillar bo`yi – qizlari 10–12 ga kirguncha, egasining xonadoniga ketish yoshiga etguncha kutish, keyin ajralish dahshatning o`zi.

Qurg`oqchilikdan aziyat chekkan 43 yashar beva Robiya esa qo`lidan kelganicha bu jarayonni ortga surishga urinyapti. 12 ga kirgan qizini 550 dollarga sotgan, lekin kuyov xonadoni qizni bir oycha avval olib ketishga kelganlarida bu muddatni yana bir yilga cho`zishlarini yalinib-yolvorib so`ragandi.

“Agar muommoni echishga mablag` topilsa”, Robiya qizini qaytarib olmoqchi. Lekin yana yonidagi uch bolasi bilan yashashning o`zi bo`lmaydi. 11 yashar o`g`li novvoyxonada ishlaydi. Kuniga 50 tsent pul topadi. 9 yashar o`g`li esa axlat-chiqindilarni yig`ib yuradi.

“Yuragim chil-chil sinib ketadi, ammo bolalarimni asrab qolishim kerak”, – deydi u.

 

To Top ↑
To Top ↑