Turkiya janubida va Suriyada sodir bo`lgan ikki zilziladan bir oy o`tib, 850 mingdan ortiq bola doimiy uy-joysiz qoldi.
YuNISYeF Bolalar jamg`armasi mintaqadagi bolalar va oilalar uchun zilzila oqibatlari achinarli bo`lganini ta'kidlaydi. Yuz minglab odamlar nochor ahvolda qolgan. Ko`p oilalar vaqtinchalik boshpanalarda yashaydi.
Birgina Turkiyaning o`zida jabrlangan hududlarda 1,9 milliondan ortiq kishi tegishli sanitariya sharoitlari, suv ta'minoti va tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyati mavjud bo`lmagan turli xil boshpanalarga joylashtirilgan. Mamlakatda 2,5 million bola shoshilinch gumanitar yordamga muhtoj.
«To`rt hafta davomida zilzilalar tufayli uylarini tark etishga majbur bo`lgan oilalar omon qolishga harakat qilishdi. Yerosti silkinishlari davom etar ekan, ular dahshatga tushishdi», – dedi YuNICYeFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy direktori Afshan Hon.
Dastlabki ma'lumotlarga ko`ra, zilzilalar oqibatida Suriyada 500 mingdan ortiq odam uyini tark etishga majbur bo`lgan. Ko`plab uylar vayron bo`lgan. Qolaversa, uylari omon qolgan bolali oilalar ham er silkinishi davom etayotgani sababli uylariga qaytishdan qo`rqishmoqda. Suriya bo`ylab 3,7 milliondan ortiq bola zilzilalardan jabr ko`rdi.
6 fevral' kuni epitsentri Qahramonmarashda, magnitudasi etti balldan ortiq bo`lgan ikkita zilzila sodir bo`ldi. Yer silkinishlari ortidan yuzlab aftershoklar mamlakatning 10 provintsiyasida, shuningdek, qo`shni davlatlar, jumladan Suriyada ham sezilgan.