x

O`zbekistonda muddatidan oldin tug`ilgan chaqaloqlarning hayotini saqlab qolish bo`yicha sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. 500 grammdan 1000 grammgacha vaznda tug`ilgan go`daklarning yashab qolish ko`rsatkichi 3 barobar oshgan.

Muddatidan oldin tug`ilgan bolalarni parvarishlash oson kechmaydi. Bunday vaziyatda shifokorlar va ota-onalar bor imkoniyatlarini ishga solib, bolaning yashab ketishi uchun kurashishadi.

Juda kam vaznli chaqaloqlarni saqlab qolish maxsus reanimatsiya o`rinlari, issiq saqlaydigan inkubator, isitkich stollari, nafas olish uchun yordam beradigan apparatlar, zamonaviy neonatal jihozlarini talab etadi.

Sog`liqni saqlash vazirligi bergan ma'lumotga ko`ra, O`zbekistonda yiliga tug`ilgan chaqaloqlarning 5 foizi muddatidan oldin tug`iladi. Ularning 0,2-0,3 foizini juda kam vaznli chaqaloqlar tashkil qiladi. Bugungi kunda 500 grammdan 1000 grammgacha bo`lgan zaif chaqaloqlarning yashab qolish ko`rsatkichi 3 barobar oshgan.

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotiga ko`ra, bola homiladorlikning 22-haftasida tug`ilib, vazni 500 gramm va undan oshsa, bo`yi 25 smdan ortiq bo`lsa, u tirik tug`ilgan hisoblanadi. Kam vazn bilan tug`ilganlik uchta darajaga bo`linadi:

– kam vaznli – 2500-1500 gramm;

– o`rta kam vaznli – 1499-1000 gramm;

– juda kam vaznli – 999-500 gramm.

Ammo 500 grammga ham etmay, Toshkent shahar perinatal markazida tug`ilgan qizaloq yashab ketgan.

SSV ma'lumotiga ko`ra, davlat har yili kam vaznli bolalarning o`pka faoliyatini tiklab turuvchi “Surfaktant” dorisi uchun 5 milliard so`m mablag` ajratadi. Ushbu dori hududiy perinatal markazlariga bepul tarqatiladi. Chaqaloqlarni davolashda dori-darmondan tashqari uning sharoiti, ya'ni issiqligini saqlash, ona sutini erta boshlash, tozalikka rioya qilish, ona omili bilan parvarishlashga alohida e'tibor beriladi.

SSV bergan ma'lumotga ko`ra, 2023 yilning may oyigacha 46 ta tumanlararo perinatal markazi ish boshlaydi. Ularni jihozlashga 5,2 million dollar mablag` yo`naltirilgan. Mazkur markazlarda ishlash uchun 180 nafar tibbiyot xodimi xorijiy mutaxassislar tomonidan qayta o`qitilgan.

To Top ↑
To Top ↑