XXI asrning dolzarb masalalaridan biri bola tarbiyalashda, uning voyaga etishida axborot texnologiyalari, video o`yinlar va shu kabi virtual olam bilan bog`liq omillarning bolalarga ijobiy va salbiy jihatlari ekanini inkor etib bo`lmaydi. Har ikki jihat borasida ham uzoq mulohaza yuritish mumkin. Hozir esa ayrim ana shunday o`yinlarning bolalar va ularning atrofidagilarga yomon ta'sir qilayotgani borasida biroz mulohazalar bilan bo`lishamiz.
Istaymizmi, yo`qmi bugungi zamonaviy olamda bolalarni gadjetlar va ulardagi o`yinlardan mutlaqo cheklash qiyin masala. Uyda unga telefon ishlatishni taqiqlaganingiz bilan u maktabda do`stlari yoki boshqa kishilar yonida baribir shu o`yinlarga qiziqishi avj olaveradi. Birgina echim bu borada me'yor va chegarani aniqlashdir. Agar farzandingizning hayoti qandaydir o`yinlar sabab izdan chiqishiga ishonmasangiz, yaqin kunlarda Hindistonda sodir bo`lgan bir-biriga o`xshash ikki holatni misol keltiramiz.
Birinchi holatda 16 yoshli yigit bir necha yillardan beri nafaqat yoshlar o`rtasida, balki kattalar ichida ham anchayin ommalashgan PUBG o`yiniga mukkasidan ketadi. Shu sababli uning onasi o`g`liga bu o`yinni o`ynashni taqiqlab qo`yadi. Natija esa har qanday kishi dilini hira qilishi turgan gap: bola o`z onasini otib o`ldirdi. Ha, birgina taqiq va farzand o`z onasining qotiliga aylandi. Politsiya va mutaxassislar yigitning o`yinlarga qaram bo`lishi oqibatida tajovuzkor bo`lib qolgan, degan xulosaga kelgan.
Yana bir holat ham aynan shu PUBG o`yini va Hindiston bilan bog`liq. Bu safar 17 yoshli yigit ana shu o`yinni o`ynashiga qarshilik ko`rsatgan onasini otasiga tegishli to`pponcha bilan otib o`ldirgan. Yetmaganiga onaning jasadi ikki kun uyda saqlangan va yomon hid chiqara boshlagach, qo`shnilarning xabari bilan holatga aniqlik kiritilgan.
Kimlardir ota-onasining bir og`iz so`ziga, birgina tanbehi, nasihatiga zor bo`lganda boshqa joyda bu kabi holatlarning sodir bo`lishi kishini chuqur o`yga toldiradi. 16-17 yosh bu kichkina bola degani emas, albatta. Ammo o`yinlarga mukkasidan ketish undan katta yoshdagilar ham o`zini boshqara olmasligi, shu o`yinlarga qaram bo`lishi mumkin. Gap faqatgina PUBG yoki shu kabi bir-ikkita o`yinlar haqida emas. Umuman virtual olam bilan bog`liq o`yinlar, smartfonlar va hokazo "kushandalar" atrofdagi turli salbiy holatlar yuzaga kelishida asosiy sabab bo`lib qolmoqda.
Nega jannat onalar oyog`i ostida degan savolga javob berish aslida qiyin emas. Sababi bolaning tarbiyasi bilan asosan onalar shug`ullanadi va aynan ular bolaning jamiyat uchun foydali yoki aksincha bo`lishida javobgar sanaladi. Shu sababli farzand tarbiyasi juda nozik va mas'uliyatli masala ekanligini yana bir bor eslatib o`tmoqchimiz. "Mening farzandim unday qilmaydi", deb o`zingizni ishontirishga harakat qilishingiz tabiiy. Chunki hech bir ota-ona bolasi o`zining hayotiga zomin bo`lishi tugul, uning izmidan chiqishiga ishonmaydi. Ehtimol, yuqorida keltirganimiz – o`z farzandining qurboniga aylangan onalar ham bolasini beozor deb o`ylagandir. Biroq oqibatda bunday emasligi ayon bo`ldi. Farzandingizga qanchalik kuchli ishonsangiz ham u voyaga etib, hayotda o`z yo`lini topib olguniga qadar nimalar bilan mashg`ul bo`lishini shunchaki uning o`ziga qo`yib bermang. Albatta, bolaning istagini inobatga olish kerak. Biroq oqibati yomon bo`lishi mumkinligi sizga ma'lum bo`lgan holatlardan ularni saqlash ota-ona zimmasidagi vazifadir. Unutmang, bugungi berilayotgan tarbiya ertaga nafaqat siz va farzandingiz hayotiga, balki butun jamiyat hayotiga ta'sir ko`rsatadi. Bu ta'sir yaxshi bo`ladimi yoki aksincha – bu sizning qo`lingizda!
Sherali Soliyev