Joriy yilning 12-mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudida bolaga (2013-yilda tug‘ilgan qizga) nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyat (JKning 129 moddasi, 2 qismi, "v" bandi) yuzasidan yopiq tarzdagi sud protsessi bo‘lib o‘tdi.
Sud ushbu jinoyatni har tomonlama, xolisona o‘rgangan ravishda, mavjud dalillardan va ish uchun ahamiyatli boshqa holatlardan kelib chiqib, sudlanuvchini aybli deb topdi hamda unga amaldagi Jinoyat qonuni doirasidagi jazo chorasi – 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
"E’tiborlisi, bunday toifadagi jinoyatlar uchun javobgarlikning yangi tartibiga binoan, mazkur hukm qonuniy kuchga kirganidan so‘ng mahkumga nisbatan jazoni yumshatish hech bir chorasi qo‘llanilmaydi va u jazoni to‘liq o‘taydi". – deb eslatdi Bolalar ombudsmani.
"Aytish kerakki, bugungi kunda sudlarimizda bola huquqlarini ishonchli ta’minlash borasida alohida qat’iyat va bolaning eng ustun manfaatlarini himoya qilishga ustuvorlik yondashuvi mustahkamlanib borayotganligi nihoyatda muhimdir. Bunday yondashuv yanada barqaror davom etishi va bu borada respublikada yagona sud amaliyoti shakllanishi zarur", deyiladi bolalar vakili xabarida.