x

Bugun "Dok-1 Maks ishi" deya yuritilayotgan, o'nlab bolalarning o'limi va nogiron bo'lib qolishiga sabab bo'lgan voqea yuzasidan  yakuniy sud majlisi boʻlib oʻtdi.

Maʼlum boʻlishicha, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi sobiq direktori Sardor Kariyev 18 yil, Quramax Medikal direktori Ragnevdra Pratar esa 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Uning oʻrinbosarlari boʻlgan Amirxon Azimov va Nodirbek Musayevga ham 16 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tayinlangan jazolarni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilangan. Maʼlumot uchun, mazkur ish doirasida farmatsevtika sohasida faoliyat olib borgan 23 nafar shaxs sud oldida javob berdi. 

Ular Hindistonda ishlab chiqarilgan, tarkibida zaharli moddalar boʻlgan “Dok-1 maks” siropi va boshqa dori vositalarini yurtimizga olib kirgan hamda dorilar tarkibini tekshirishga masʼul boʻlgan shaxslardir.

Javobgar shaxslarning masʼuliyatsizligi ortidan mazkur dori vositalarini isteʼmol qilgan 86 nafar bola jabrlandi. Ulardan 68 nafari vafot etgan va 16 nafari ogʻir, 2 nafari yengil tan jarohati olgan.

2022-yilning kuz oylarida yuz bergan mazkur noxush voqea ortidan Davlat xavfsizlik xizmati jinoyat ishi qoʻzgʻatib, tergov harakatlarini olib bordi.

Sud majlisiga raislik qiluvchi Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi Muso Yusupov sud qarorini oʻqib eshittirdi.

To Top ↑
To Top ↑