Maktabgacha taʼlim tizimida chekka hududlardagi kadrlar masalasi koʻp hollarda muammo boʻladi. 2019-2023-yillarda Maktabgacha taʼlim agentligi va Jahon banki bilan hamkorlikda Samarqand va Namangan viloyatlarida amalga oshirilgan “Ilk rivojlanish markazlar”i loyihasi doirasida oliy toifali pedagoglarni jalb qilish holatlariga eʼtibor berilgani yoki oʻsha chekka hududda tanlangan muassasa xodimlari qayta oʻqitilgani yuzasidan savolga Maktabgacha taʼlim agentligi direktor oʻrinbosari Oyatulla Rahmatullayev javob berdi.
“Maktabgacha taʼlim tizimida 162 mingta pedagog ishlaydi. 162 mingtani 56 mingtasi nodavlat sektorda ishlaydi. Davlat maktabgacha taʼlim muassasalarida 116 mingta pedagog faoliyat yuritadi. 116 mingtani 34 foizigina oliy maʼlumotli, qolgan 66 foizi oʻrta-maxsus mutaxassislikka ega. Loyiha doirasida 14 mingta roʻyxatni shakllantirayotganda birinchi oʻrinda eng olis togʻli hududlar maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi pedagoglarimizni qamrab olishga harakat qildik. Lekin 14 mingta deganiyam 10 foiz, agar Samarqand viloyati misolida oladigan boʻlsak ham, 10 foiz pedagogni qisqa malaka oshirish kurslariga jalb qildik”, dedi Rahmatullayev.
Maktabgacha taʼlim tizimida koʻp ijobiy oʻzgarishlar boʻlsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda tarbiyalanuvchilarning bolalarni kaltaklagan holatidagi videolari tarqaladi. Bu holatlar nega Samarqand viloyatida ham tez-tez uchrab turadi?
Bu savolga Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Farruh Boltayev “Har bir bunday holatlarni tahlil qilamiz. Taʼlim muassasalarida ushbu holatlar takrorlanmasligi boʻyicha seminarlar oʻtamiz. Bunday holatlar 2023-yilda Samarqand viloyatida 3 tani tashkil etgan”, deya javob berdi.
Bundan tashqari, masʼuldan sohadagi mutaxassislar barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi menyular Toshkent shahriniki bilan bir xil, degan edi. Ushbu gaplar qanchalik haqiqatga yaqin ekanligi haqidagi soʻrovga masʼul Maktabgacha taʼlim agentligi tomonidan yagona 3 ta menyu taklif etilganini va maktabgacha taʼlim muassasalari oʻzlariga maʼqul menyuni tanlab olishi mumkinligini ham aytib oʻtdi.