x

Ijtimoiy tarmoqlarda Hatirchi tumanidagi 55-umumta'lim maktabi direktorining o`quv ishlari bo`yicha o`rinbosari Abror Qurbonov 11-sinf o`quvchisini urib, unga tan jarohati yetkazgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Unda aytilishicha, bu Abror Qurbonovning o`quvchilarga jarohat yetkazgan ilk holati emas: u oldinroq – 2023 yilning oktyabr oyida maktabning 10-sinfida o`qiydigan o`quvchini ham qulog`iga urib, jarohatlagan.  

Chorshanba kuni edi, dars bo`lmagani uchun oshxonaga kirdik. Shu payt “zavuch”imiz kelib, nima qilyapsizlar bu erda, deya so`radi. Test ishlab o`tirganimizni aytdim. Keyin oyog`imdan tepdi. Oyog`imning bir tomirchasi yorilib ketib, qonab yurdi. Keyin shifokorga bordim va gips qildirib keldim”, deydi oyog`idan jarohat olgan o`quvchi Kun.uz'ga qilgan murojaatida.

Navoiy viloyati IIB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, direktor o`rinbosariga nisbatan birinchi holat bo`yicha 2023-yilning oktyabr oyida Ma'muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish) va 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) bilan, ikkinchi holat bo`yicha esa 2023-yilning noyabr oyida Ma'muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 52-moddasi bilan ma'muriy ish qo`zg`atilgan hamda to`plangan hujjatlar sudga yuborilgan.

Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi matbuot xizmatiga ko`ra, holat bo`yicha maktab direktoridan tushuntirish xati olingan. Direktor o`rinbosari esa ayni paytda mehnat ta'tiliga chiqib ketgan. Tegishli chora u ishga qaytgach ko`riladi.

Shuningdek, Respublika Bolalar ombudsmani ta'lim muassasida o`quvchilarga nisbatan sodir etilgan bunday zo`ravonlik holatlarining oldi olinishi yuzasidan ko`rilayotgan choralar Hatirchi tuman prokuraturasi nazoratida ekanini ma'lum qilgan.

Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan o`z kuzatuvini davom ettirishi qo`shimcha qilingan.

To Top ↑
To Top ↑