x

Bolalar ombudsmanining maʼlum qilishicha, Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi S.N. oʻz farzandi 2018-yilda tugʻilgan S.F. ni beshikka bogʻlagan holatda tayoq va boshqa jismlar bilan muttasil ravishda uzoq vaqt davomida (2022-yilning mart oylaridan 2023-yil noyabr oyigacha) kaltaklab, qiynab kelgan.

Maʼlum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan S.N. ga nisbatan JKning 110-moddasi 2-qismi, “a,v” bandlari (voyaga yetmagan, ojiz ahvoldaligi ayon boʻlgan shaxsni qiynash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda Shofirkon tumani IIB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha ayolga qanday jazo tayinlanishi mumkin?

Adliya vazirligining Hudud24 nashri maʼlum qilishicha, muttasil ravishda doʻpposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash, agar ushbu Kodeksning 104, 105-moddalarida, 1261-moddasining toʻrtinchi — sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarmagan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻsha harakatlar:

a) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan;

b) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;

v) ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, — uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

To Top ↑
To Top ↑