x

“Dok-1 Maks” siropi sabab gapirishdan, yurishdan to‘xtagan va birinchi guruh nogironiga aylangan 5 yoshli Alibek O‘ktamovning otasi Feruz Nuritdinov sudda farzandini davolatish uchun ayni kunga qadar 35 ming dollar xarajat qilganini, bolasi sog‘ayib ketishi uchun yana 3 milliard so‘m kompensatsiya so‘rashini ma’lum qildi. Advokat Rajabov esa “Farzandingizning bunday holga tushishiga bu yerdagilarning (sudlanuvchilarning) qanday aybi bor, nega ulardan bu pulni talab qilyapsiz?”, deya savol berdi. Jabrlanuvchi esa bunga javoban “Bolamni gapirib, o‘ynab yurgan holatiga qaytarib bering, men sizga 3 milliard so‘m beraman”, dedi.

Feruz Nuritdinovga ko‘ra, uning bolasi 2022-yilning dekabr oyida siropdan zaharlangan va 65 kun komada yotgan.

2022-yilning dekabr oyi boshlarida bolam shamollab qolgani uchun “Dok-1 Maks” siropini ichira boshladik. O‘g‘lim sirop ichishni boshlashidan uch kun o‘tib, qayt qildi. Nukus shahridagi shifoxonada bolamning ikki buyragi ishlamayotganini aytib, Toshkentga olib borish kerakligini uqtirishdi, — degandi avvalroq “Daryo” jurnalistiga bu haqida gapirib bergan ota.

Jabrlanuvchining aytishicha, u farzandini davolatish uchun ayni kunga qadar sotilgan uyi va yaqinlaridan olingan qarzlari evaziga to‘plangan 35 ming dollar mablag‘ini sarflab bo‘lgan. Shunga qaramasdan uning farzandi gapirolmaydigan, yurolmaydigan nogironga aylangan.

Jabrlanuvchining so‘zini tinglagan davlat ayblovchisi Saidakrom Oqilov sudlanuvchilarga nisbatan qanday da’vosi borligini so‘radi.

Jazoni men emas, Alloh beradi. Ularning ham farzandi bor. Vijdoniga havola qilaman. Ikkinchidan, hurmatli sudyaning vijdoniga qoldiraman. Shuncha bola vafot etdi, qancha-qanchasi nogiron bo‘lib qoldi, — deydi u.

Sudya Muso Yusupov moddiy va ma’naviy zarar uchun qancha talab qilishini so‘radi. Jabrlanuvchi 3 milliard so‘m so‘rashini aytdi. 

Jabrlanuvchiga savol bergan advokat Rajabov esa “Farzandingizning shunday holga tushishiga bu yerdagilarning qanday aybi bor? Nega ulardan bu pulni talab qilyapsiz?”, deya savol berdi. 

Menga 3 milliard so‘mning bir so‘mi ham qiziq emas. Faqat bolamni bu ahvolda tashlab qo‘ymay, davolatishim kerak. Bolamni gapirib, o‘ynab yurgan holatiga qaytarib bering, men sizga 3 milliard so‘m beraman, — dedi jabrlanuvchi ota.

To Top ↑
To Top ↑