(Shaxsni himoya qilish maqsadida ismlar oʻzgartirilgan)
Iyul oyining issiq kunlaridan biri edi. Buxoro koʻchalari jim-jim, odamlarning ovozi ham, hatto barglarning shitirlashi ham eshitilmaydi. 14 yoshli Xolidaning uyida konditsioner yoʻq, u aytib berayotgan hikoya, uning xonasidagi dim havo kabi, inson koʻzidan yosh chiqaradi. Bu hikoya Xolida va uning oilasi haqida.
“Biz toʻrt nafar opa-singillar edik. Ota-onamiz har kuni janjallashib turishardi. Bu holat biz uchun ogʻir kechardi, oilamizda pul yetishmasdi. Koʻp yillar davomida dadam deyarli kuniga baqirib, janjallashardi va onamni kaltaklardi. Opam kaltaklanish va janjallarga chiday olmadi va 16 yoshida oʻz joniga qasd qildi. Men qoʻrqib ketdim, kuchli stress oqibatida koʻzimda gʻilaylik rivojlandi va ruhiy muammolar boshlandi. Men nutqimdan ayrildim, nafas olish bilan bogʻliq muammolar paydo boʻldi va men umuman qanday yashashni bilmay qoldim. Men opamdan ayrilgan paytimdagi ogʻriq va ota-onamga boʻlgan gʻazabimni ifodalashga ojizman”.
Xolidaning ikki opasi turmushga chiqqanidan keyin, otasi Rossiyaga ishlash uchun ketdi va u yerda yana turmush qurdi. Ta’kidlash lozimki, bu borada u yolgʻiz emas. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma’lumotlariga koʻra, 2,5 millionga yaqin fuqaro mehnat migratsiyasida, shundan 2 millionga yaqini Rossiyada ekan.
Koʻp oʻtmay, otasining qarindoshlari Xolidani va uning onasini uydan quvib chiqarishdi. Ular koʻchada qolib ketishdi.
“Bu juda dahshatli payt edi, men qattiq qoʻrqdim va xafa boʻldim ...” - Xolida nigohini pastga qaratdi, ovozi titrab ketdi. – “Men taslim boʻldim, chunki boshqa bunday yashashni xohlamasdim. Oʻshanda men opamning yoniga, jannatga borishga qaror qildim, lekin buni uddalay olmadim...”
UNICEF ning “Oʻzbekistondagi bolalarga migratsiyaning ta’siri” nomli tadqiqoti shuni koʻrsatdiki, ota-onalardan birining yoki ikkalasining yoʻqligi bolalarga gʻamxoʻrlik qilishda qiyinchilik tugʻdiradi. Ushbu bolalar rivojlanishda orqaga qolishi, psixologik va hissiy muammolarga duch kelishi mumkin. Psixologlar va ijtimoiy xodimlar Xolida bilan bir yil davomida ishladilar. Hozir uning ahvoli ancha yaxshi.
“Men yana hayotga qaytdim va endi onamga uy ishlarida yordam beryapman. Men oʻzimga kelganimdan soʻng, uyimizga boshqa koʻz bilan qaradim. Hokimiyat onamga uyimiz qurilishini tugatishga va uni jihozlashga, shuningdek, uy hujjatlarini olishga yordam berdi. Endi meni oʻzimning shinamgina xonam bor”.
Xolida Yevropa Ittifoqi va UNICEF tomonidan moliyalashtirilgan “Janubi-Sharqiy, Janubiy va Markaziy Osiyoda migratsiya ta’sirida boʻlgan bolalarni himoya qilish” loyihasi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan qizlardan biri. Xolidaga va uning onasiga Mahalla qoʻmitasi va hokimiyat tomonidan moddiy yordam koʻrsatildi. Ijtimoiy xodimlar va psixologlar qizga kuchliroq boʻlishiga va uning ruhiy salomatligi va farovonligini yaxshilashga yordam berishdi.
Oʻtgan yil karantin cheklovlari tufayli koʻpchilik uchun qiyin kechdi, chunki maktablar yopildi va Xolidaning onasi ishsiz qoldi. COVID-19 Xolidaning onasini pul ishlashning yangi usullarini topishga undadi.
Ular hali ham umidvor, hech boʻlmaganda Xolida haligacha oʻqish imkoniyatiga ega-ku.
“Onam menga telefon sotib oldi, shunda men onlayn darslarga ulanishim mumkin boʻldi, lekin beqaror aloqa va kichik ekran tufayli bunday oʻqish juda qiyin edi.”
Ushbu hikoya Yevropa Ittifoqi va UNICEF tomonidan moliyalashtirilgan “Janubi-Sharqiy, Janubiy va Markaziy Osiyoda migratsiyadan jabrlangan bolalarni himoya qilish” mintaqalararo loyihasi doirasida yozilgan.