x

Aksariyat yoshlarning hayolidan bir marta bo‘lsa ham shu mazmundagi savol o‘tgani aniq. Ularning o‘zi bunday o‘ylamagan taqdirda ham qaysidir tanishlari tomonidan "O‘qib kim ham bo‘larding?" qabilidagi savolni eshitishgan. Xo‘sh, muvaffaqiyatli inson bo‘lish va yaxshi daromad topish uchun albatta o‘qish shartmi?

Boshlang‘ich sinfdagi bolalarda o‘qishdan ko‘ra pul topishga bo‘lgan qiziqishning kuchayishi o‘tib ketadigan holat. Chunki ularda bunga biror film yoki mashhur kishilarga taqdid o‘laroq bu kabi xohishlar ortadi. Vaqt o‘tib bu unutiladi. Lekin o‘smir yoshidagi bola uchun bu borada alohida e’tibor zarur. O‘smirlarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishi pul topish bilan almashib qolayotganiga bir qancha sabablar bo‘lishi mumkin. Masalan, oilaviy munosabatlar, tashqi muhit va hokazolar. Bu holatda ota-ona farzandini to‘g‘ri yo‘lga solish uchun biror ishbilarmon tanishi bilan suhbat tashkil qilishi yaxshi natija beradi. Chunki hayotda yaxshi natijalarga erishgan kishilarning deyarli hech biri "O‘qib olim bo‘larmiding? Yaxshisi, soqqani bos", deb aytmaydi. Bundan tashqari maktabda ham nafaqat darsliklar va reja bo‘yicha o‘qitish, balki moliyaviy tomondan ham tushunchalar berish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bolalarga pul topish uchun qanday bilimlar zarur ekanligi maktabdayoq uqtirilsa, ularning bilim olishdan yuz o‘girish ehtimoli kamayadi.

Shu o‘rinda bir hikoya yodimga keldi. Bir yigit o‘qish-yozishni o‘rganishni istamabdi va cho‘ponlik qilishga qaror qilibdi. "Cho‘pon uchun o‘qish negayam kerak bo‘lardi", deb o‘qishdan bosh tortibdi. Ota-onasining tanbehlariga quloq solmay, "Men katta bo‘lsam, cho‘pon bo‘laman, qo‘y boqish uchun o‘qish kerak emas", der ekan.

Bir kuni uylari yaqinidagi o‘tloqdan qo‘ziqorin terib kelish uchun chiqibdi. Qo‘ziqorinlarni terib yurib, uylaridan ancha uzoqlab ketibdi. Yurib-yurib uncha chuqur bo‘lmagan bir daryo sohiliga kelibdi. 

Narigi sohildan ham qo‘ziqorin termoqchi bo‘lib ko‘prik qidiribdi. Yaqin atrofdagi ko‘prik oldiga borib qarasa, uning chetidagi taxtachaga nimadir yozib qo‘yilgan ekan. 

Bola yozuvni o‘qiy olmabdi va to‘g‘ri narigi sohilga qarab yuribdi. Ko‘prikning o‘rtasiga kelganda u sinib, bola suvga tushib ketibdi. Ovozining boricha yordamga chaqiribdi. 

Shu orada qo‘ylarini o‘tlatib yurgan bir cho‘pon kaltagini uzatib, bolani suvdan chiqarib olib: "Nega bu ko‘prikdan o‘tding?! Ko‘prik ustidagi "Bu ko‘prikdan yurmang, nariroqda yangi ko‘prik bor", degan yozuvni ko‘rmadingmi?" deb so‘rabdi. Bola unga javoban: "Ko‘rdim, lekin o‘qiy olmadim, chunki men o‘qishni bilmayman", debdi. Shunda cho‘pon unga: "E bolam, hatto qo‘y boqish uchun ham o‘qish kerak", degan ekan.

Demak, inson qaysi kasbni egallashidan, qaysi hunar bilan shug‘ullanishidan qat’i nazar u albatta eng kamida maktab ta’limini o‘zlashtirishi shart. O‘zi shundoq ham maktabda u qadar murakkab bilimlar berilmaydi, biror mutaxassislikka tayyorlanmaydi. Biroq shunda ham ba’zi o‘quvchi yoshlarning buni o‘zlashtirmasligi yaxshi holat emas. Shuning uchun, ota-onalar va o‘qituvchilar bu borada bolalarga jiddiy munosabatda bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.

Sherali Soliyev

To Top ↑
To Top ↑