Kecha, ijtimoiy tarmoqlar orqali qiz o`z onasini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi.
Mazkur videoyozuvda o`smir qizning onasini haqoratlagani, kaltaklab tan jarohati etkazganini ko`rish mumkin. Holat yuzasidan Samarqand IIB rasmiy ma'lumot berdi.
Ma'lum qilinishicha, holat 2022 yil 14 fevral' kuni Samarqand shahar Bog`ibaland MFYda hududida sodir bo`lgan. Samarqand shahar Imom Vose MFYda yashovchi 1965 yilda tug`ilgan H.N, Bog`ibaland MFYda yashovchi kenja qizi 1997 yilda tug`ilgan I.N.ning yashash uyiga kelib, u bilan o`zaro uy-joy masalasida tortishib qolishi natijasida ona va bola o`rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.
«Holat Samarqand shahri bo`yicha IIO FMB 6-son IIB xodimlari tomonidan hujjatlashtirilib, hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», deyiladi xabarda
Quyida ushbu fikrni keltirishni lozim topdik:
Muqaddas Islom dinimizda ikki sababga ko`ra ona hurmatini otadan yuqori qo`yiladi.
Birinchisi, ona farzandni dunyoga keltirishda otadan ko`ra ko`p mashaqqat chekadi, uni to`qqiz oy qornida ko`tarib yuradi, emizadi, kechalari bedor bo`ladi, tarbiyasi bilan mashg`ul bo`ladi. Alloh taolo bunday deydi:
«Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko`tarib yurdi. Uni (ko`krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki) “Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir”» (Luqmon surasi, 14-oyat).
Ikkinchisi, ona yaratilishidan mehribon va rahmdildir. Ota esa tabiatiga ko`ra qattiqqo`ldir. Boladan bir ayb o`tsa, ona kechiradi. Ammo ota kechirmaydi, kerak bo`lsa jazolaydi. Ona esa jazolamaslikning yo`lini izlaydi. Shuning uchun ham shariatimiz onalarni hurmatlashga buyuradi. Ular bilan muomalada halimlikka halimlik bilan javob berishga undaydi.
Ona shunday zotki, bolasi haddan ziyod dilini og`ritib, oq bo`lish darajasiga borsa-yu, ammo biron dardga chalinib qolsa, ona barcha o`tgan ishlarni unutadi, bolasini bag`riga bosadi, unga talpinadi. Chunki bola ona vujudining bir parchasi. Hech qachon etni tirnoqdan ajratib bo`lmaydi.