x

Ba'zida ko'zimizga ahamiyatsizdek ko'ringan, biz e'tibor qaratmagan omillar bir umrlik pushaymonga sabab bo'ladi. O'zimiz kutmagan vaqtda shunday bir zarba bo'ladiki, uning oqibatida yaqinlarimiz, murg'ak go'daklardan ayrilamiz.

9 yoshli Islomjonni nonga chiqarib yuborgan ona bir umrlik armonda qoldi. Kattalarning e’tiborsizligi sabab bola avtohalokat qurboniga aylandi. Tez orada tarqalgan ko’ngilsiz bu xabarni   eshitgan har qanday kishining beixtiyor yuragini larzaga keltiradi-yu, biroq mening farzandim bilan bunday voqea bo’lmaydi deb o’ylashadi. Maktabga chiqib ketayotgan o’g’il-qizini ogohlantirib qo’yish, yo’l harakati qoidalari bilan tanishtirish uchun ularning vaqtlari yetmasa kerakda. 

Hayot atalmish ulug’ manzilda farzand eng bebaho ne’mat. Ona vujudida ko’tarib yurgan dilbandining dunyo yuzini ko’rishi uchun 9 oy mobaynida ne-ne qiyinchiliklarga duch keladi. Oila vakillari tomonidan orziqib kutilgan yangi mehmonning tashrifi muqaddas qo’rg’onning yanada mustahkamligiga asos bo’ladi, yaqinlarning xursandchiligiga xursandchilik ulashadi. Eng oliy vazifa esa ota-ona zimmasida bo’lib, farzandini oq yuvib oq tarash, unga to’g’ri tarbiya berish o’ta muhim va mas’uliyatli vazifadir.  Eng avvalo unutmasligimiz kerak bo’lgan jihat: Kattalarning har bir xatti-harakati yosh bolajonlarga o’rnak va andoza. Taassufki, keyingi paytlarda mana shu oltin qoidani unutib qo’yganlar tez-tez ucharoytgani achchiq haqiqat.

Biror yumush bilan ko’chaga otlangan oila a’zolarining etagidan tutib, ularga ergashishni odatga aylantirgan bolajonlar qo’lidan yetaklagancha, o’z o’y-xayollariyu, yumushlari bilan band bo’lgan ota-onalar farzandlarini ehtiyot qilishlarini unutib qo’ymayaptimi? Mulohazali savolning og’riqli javobi barchaga ayon. Deyarli, ko’pchilik fuqarolar hali-hanuz bu mavzu atrofida bosh qotirib ham ko’rmagan.  Aksincha, aksariyat hollarda kattalar mas’uliyatsizlik va befarqlik bilan harakatlanish madaniyatini qo’pol tartibda buzib, bolajonlarga salbiy tomonlama o’rnak bo’lishmoqda.

Your browser doesn't support video.
Please download the file:

13 yoshli Azizbekning yer bilan bir bo’lgan tanasini ko’rgan ota-onasi unga velosiped va telefon olib bergani uchun o’zini kechirolmay vijdon azobida qoldi. Bo’yi yetib borayotgan Azizjonning bir lahzaga telefonga chalg’ishi oqibatida yuk avtomashinasi tagida qolib bu dunyoni tark etdi. Vaxolanki, farzand dog’ini ko’tarish ota-ona uchun o’ta og’ir sinov. Bunday musibat har qanday metin irodani ham sindirishga qodir, hasratu fig’on chekishdan, kechikkan pushaymondan esa naf yo’q!

Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo’lsak, o’tgan 2021-yil davomida respublikamizda 10 mingdan ziyod YTH sodir etilgan. Ushbu ayanchli hodisalarda 1621 nafar bolalar ishtiroki kuzatilgan. Shuningdek, 501 ta holatda bolalarning qarovsizligi yo’l transport hodisasi yuzaga kelishiga sabab bo’lgan.

Xususan, ushbu davr mobaynida Navoiy viloyati hududida jami 285 ta YTH sodir etilgan bo’lsa, shundan 37 ta holat bolalar bilan bog’liq.  Achinarlisi, bunda 8 nafar bola bevaqt hayotdan ko’z yumgan, 30 nafari esa turli ko’rinishdagi og’ir tan jarohati olgan. Maqsadi va burchi YTH larning oldini olish bo’lgan Yo’l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan uzluksiz ravishda maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalarida targ’ibot ishlari olib borilib, jajji bolalarning ongu-shuuriga birlamchi yo’l qoidalari singdirilib borilmoqda. Biroq, shuni unutmaslik lozimki, bu vazifani amalga oshirish uchun nafaqat ular, barcha-barchamiz birdek mas’ulmiz. Avtomashina ostida qolib, yuzi tanib bo’lmas holatga kelgan, transport vositasiga urilib, tanayu ruhi chirpirak bo’lib osmonu falakka uchgan, temir g’ildiraklar ostida qolib, tanasi yer bag’riga singib ketgan bolalarda nima gunoh bor edi? Aslida bu og’riqli savolning javobini teran mushohada etishimiz, aybni kattalardan izlashimiz va xulosa chiqarishiz kerak, albatta! Ko'z qorachig'ingizni yo'llarda ehtiyot qiling! Yo'lingiz bexatar bo'lsin!

To Top ↑
To Top ↑