x

Oila mustahkamligiga darz etkazuvchi “ommaviy madaniyat” ko`rinishlaridan biri “childfree” g`oyasidir. Mazkur atama “bolalardan xoli hayot” degan ma'noni anglatib, bu yo`nalish tarafdorlari farzand ko`rishni istamaydi.

Farzand ko`rmasdan yashash tarzi o`tgan asrning 70-yillarida G`arbda rusum bo`la boshlagan. “Childfree” tarafdorlari bola tarbiyasi bilan shug`ullanish – eskilik sarqiti, degan kurakda turmaydigan bahona bilan o`zlarini oqlamoqchi bo`lishadi.

Rossiyaning “TOK” kanali ushbu mavzuda lavha tayyorlab, g`oya tarafdorlarining bir nechasidan interv'yu olgan. Ularning fikricha, intellektual qoloq ayollargina erlarini oilaga bog`lab olish maqsadida farzand ko`rib, bolalardan ma'naviy qurol sifatida foydalanadi. Bolalarni yaxshi ko`rmasliklarini, go`daklarni ko`rganda asabiylashishlarini ham aytib o`tishgan.

Insoniyat uchun falokatli bu g`oyaga ergashayotgan balog`at yoshidagi qizlar bola shaxs kamoloti, kar'era qilishga halaqit beradi, degan mulohaza bilan farzandli bo`lishni istashmayapti. G`oya tarafdori bo`lgan erkaklar esa “Rivojlangan davlatlarda ijtimoiy himoya yaxshi yo`lga qo`yilgan. Inson qariganida davlat unga g`amxo`rlik ko`rsatar ekan, bolaning nima keragi bor?” deyishmoqda.

Ba'zi “aqlli”lar Yer yuzida aholi sonining geometrik progressiya tezligida o`sishi ekologik muammolarga sabab bo`layotganini aytib, farzand ko`rishdan voz kechishga chaqirmoqda. Ayrim juftliklar vaqt o`tishi bilan bu qarorlaridan afsuslanishsa, boshqalari esa to`g`ri ish tutganliklarini ta'kidlashmoqda.

Eng fojiali tomoni, bugungi kunda AQShda “childfree” g`oyasini qo`llab-quvvatlovchi 40 dan ortiq tashkilot mavjud. AQSh milliy sog`liqni saqlash markazi ma'lumotlariga ko`ra, o`z xohishiga ko`ra farzandsiz hayotni tanlayotgan insonlar soni yildan yilga oshib bormoqda. Ayollarning 25 foizi shuni maqbul ko`rishmoqda.

2020 yil ma'lumotlariga ko`ra, 18 yoshdan 45 yoshgacha bo`lgan Rossiya aholisining yarmi farzandli bo`lishni istamayapti. Bularning aksariyatini oliy ma'lumotli, hayotda muayyan maqsadga ega, bolalarni deb o`z rohat-farog`ati va kar'erasidan voz kechishni xohlamaydigan insonlar tashkil etadi.

Albatta, birovning tanlovini muhokama qilish umuminsoniy qadriyatlarga xos emas. Lekin oila va farzandlar odamni egoizm illatidan qutqarib, boshqalar manfaati haqida o`ylash, sabr-toqat kabi xislatlarga o`rgatadi. Rizq masalasiga kelsak, Qur'oni karimning “An'om” surasi 151-oyatida “...bolalaringizni kambag`allikdan (qo`rqib) o`ldirmangiz – biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz”, deyiladi.

Amerikalik olim Patrik Jozef B'yukenen Amerikadagi demografik inqiroz haqida tashvishlanib: “Odamlarning farzandli bo`lish va bola parvarishi bilan shug`ullanishni istamasligi, oila qurmasdan, pala-partish hayot kechirishi Amerikani ommaviy muhojirlikni har jihatdan rag`batlantirishga majbur qilmoqda. Amerikaliklar o`z tamadduni, madaniyati va davlatini saqlab qolmoqchi bo`lsa, bola tug`ilishi, oila mustahkamligiga e'tibor berishi, bolalar va oilalarga g`amxo`rlik esa davlat siyosatining ustuvor yo`nalishiga aylanishi darkor”, deb yozadi.

Dildora MIRAKBAROVA,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tayanch doktoranti

Manba: Oyina.uz

To Top ↑
To Top ↑