x

Kichik yoshdagi bolalar va o‘smirlarning ayrimlarida ular uchrayotgan omadsizliklarda ota-onani ayblash holatlari kuzatiladi. “Sinfdoshim olimpiadani yutdi. Mening ham ota-onam repetitorga yuborganida, hozir uning o‘rnida men bo‘lardim”, “Dadam ruxsat bermagani uchun shunday bo‘ldi”, “Onam meni shunday erkalamaydi, meni yaxshi ko‘rishmaydi” kabi norozi kayfiyatdagi gaplarni eshitib qolamiz. Aslida, hech bir ota-ona farzandi uchun yomonlik tilamaydi. Qayerdadir adashgan bo‘lishi mumkin, lekin har qanday ota-ona farzandi uchun doimo eng yaxshisini ravo ko‘radi.

Yaqinda bir bola bilan suhbatda uning dardiga quloq tutdim. O‘zaro muloqotimiz quyidagicha bo‘ldi.

– Falon kasalim bor. Davosiz emas, albatta. Operasiya qilib tuzatsa bo‘ladi. Hozir bu amaliyot uchun yetti ming dollar ketar ekan. Lekin 5-6 yil avval huddi shu operasiyani olti yoki yetti million so‘mga o‘tkazish mumkin edi. O‘shanda ota-onam qayerda yo‘q bahonalar bilan mening sog‘ayishimga qarshilik qilishgan. Mana hozir men jabrini tortyapman.
– O‘sha vaqtda ota-onang qancha pul topardi?
– Faqat dadam ishlardi. 700 ming so‘m oylik olardilar...

Men biroz indamay turdim. Bu vaqtda bolaning o‘z ota-onasiga qo‘ygan ayblovi asossiz ekanini anglab ulgurgan edim. Chunki yetti million so‘mlik operasiyaga pul yig‘ish uchun ota o‘n oylik maoshini tiyinigacha saqlashi kerak. 4-5 farzandli oilani tebratish esa ikkinchi masala.  Shunda sho‘rlik ota bu bola ularni malomat qilmasligi uchun boshqa farzandlarining rizqini qiyishi kerakmi?

Inson o‘zi shunday: o‘zgalarni aybdor qilishda usta. Ota-ona farzandini “o‘qimading, biz kutgan odam bo‘lmading”, deb ayblasa, bolalar “o‘qitmadingiz, sharoit qilib bermadingiz”, deb malomat qiladi. Lekin ota-ona farzandini ilmga muhabbat bilan tarbiyalay olmagani, ahloqiga e’tiborli bo‘lmagani haqida, bola esa uning dunyoga kelishidan tortib voyaga yetib, “odam qatoriga qo‘shilgunigacha” unga qanchalik mehr-muruvvat ko‘rsatilgani, qanday qiyinchiliklardan o‘tilgani haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi.

Gapning indallosi shuki, farzandning muvaffaqiyatsizligida ota-ona aybdor emas. Bolalar buni yaxshilab anglab olishi kerak. Shuningdek, ota-onasi kutgan inson bo‘la olmagani, o‘zi xohlagan odam bo‘lgani uchun bolani ham ayblash o‘rinsizdir. Inson zoti adashuvchidir. Shunday ekan, muammolarda kimnidir ayblash emas, uning sabablari bilan kurashib, yechim topish maqsadga muvofiqdir.

To Top ↑
To Top ↑